Asror Aliqulov: "Hujumda kam vaziyat yaratdik"
Oʻyindan keyin "Shoʻrtan" bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Oʻyin haqida fikringiz?
- Bugun Superligaga chiqish vazifasi qoʻyilgan ikki jamoa oʻzaro bahs olib bordi. Qolaversa har ikki klub Superligani koʻrgan va oʻziga yarasha tarixga ega. Oʻyinga keladigan boʻlsak, e'tiborni asosan standart vaziyatlarga qaratdik hamda himoyani oʻyladik. Shu bois boʻydor futbolchilarni tushirdik. Hujumda kam vaziyat yaratdik, ikkinchi boʻlimda nisbatan koʻproq hujum qildik. Kichik hisobda gʻalaba qozondik va bu bilan "Shoʻrtan" muxlislarini tabriklayman.
- Ikkinchi taym boshida Roman Vegeryani almashtirdingiz. Bu nima bilan bogʻliq?
- Oʻz darvozamiz yaqinida kamroq qoʻpol oʻynash maqsadida almashtirdik. Chunki istalgan xatodan raqib gol urib qoʻyishi mumkin edi. "Metallurg" safida xatodan unumli foydalanadigan futbolchilar borligini bilardik. Hujumga chiqish jarayonida uch nafar markaziy himoyachi bilan oʻynadik. Bu esa koʻproq harakatni talab qildi. Roman bu vaziyatlarda biroz ishonchsiz koʻrindi, shu bois almashtirdik.
- Aksar vaziyatlarda Yuriy Klochkov oʻz darajasida harakat qila olmadi.
- Buni taktik sxemadagi oʻzgarish bilan izohlagan boʻlardim. Bugun Yurani hujumchi ortiga qoʻydik, u ikkinchi hududda yaxshi harakat qilib hujumga yordam berishi kerak edi. Toʻgʻri, birga bir vaziyatdan gol ura olmadi, lekin tezkor futbolchi hamda gol boʻlgan vaziyatda samarali toʻp uzatishni amalga oshirdi.
- Soʻnggi daqiqqalardagi oʻzgarishlar jamoaga qanchalik yordam berdi? Uch nafar yosh futbolchi birdaniga maydonga tushdi.
- Birinchi boʻlimda koʻproq yoshi katta futbolchilar tajribasiga suyanib harakat qildik. Chunki "Metallurg" oson raqib emasdi. Gʻalaba qozonishimizga ishonch ortib borgach yoshlarni ham tushirishni maqsad qildik. Masalan, Gʻanisher Qodirov bugun yaxshi taassurot qoldirdi.
- Joʻrabek Mannonov almashtirilishi nima bilan bogʻliq?
- Uning mushaklarida ogʻriq sezildi, shu bois almashtirdik. Futbolchining oʻzi almashtirishimizni soʻradi.
Manba: championat.asia
Izohlar 0