Fidbol.net

Andrey Shipilov: "Klub rahbariyatidan iste'fo soʻrayman"

Tahririyat 2
Andrey Shipilov: "Klub rahbariyatidan iste'fo soʻrayman"

- Oʻyin haqida fikringiz?
- Qiyin oʻyindan keyin kerakli soʻzni topish qiyin. Shuni aytishim mumkin, futbolchilarga bugungi uchrashuv nihoyatda muhim ekanini koʻp bor aytdik. Tanaffusdan keyingi restart biz uchun yaxshi kechmadi. Ketma-ket uchta magʻlubiyatga uchradik, bugun toʻrtinchisi roʻy berdi. Koʻp imkoniyatlar, lekin gol yoʻq... Birinchi taymdagi 0:0dan keyin tanaffus payti kerakli koʻrsatmalarni berdik. Lekin maydonga chiqqach, xatolar oʻsha-oʻsha. Buni esa tushunmayapman. Ikkinchi boʻlimda kamida ikkita toʻp kiritishimiz uchun keraklicha vaziyat yaratdik, zaxiradan oʻyinchilar tushdi, lekin hech nima oʻzgarmadi. "Mash'al" va "Dinamo" bilan yaxshi oʻynab yuta olmagandik, bugun ham shu holat takrorlandi. Men har bir futbolchining miyasiga kira olmayman. Yigitlardan shunchaki natija uchun oʻynashimiz kerakligini soʻradim. Bizga natija juda zarur edi. Afsus, oxirgi toʻrtta oʻyinda magʻlub boʻldik va klub rahbariyati bilan bu haqda gaplashib iste'fo soʻradim. Bunaqa davom etishi kerak emas. Nimanidir oʻzgartirish kerak.

- Jamoa qachonki gol oʻtkazganidan soʻng yaxshi oʻyin namoyish etdi. Nega golgacha shunday oʻynay olmadi?
- Birinchidan, raqibga nisbatan bir kun kam dam oldik. Ikkinchidan, bugun tezkor oʻyin namoyish etishimizga maydon xalaqit berdi. Birinchi taymda ikki bor yaxshi chiqdik. Negadir omad bizdan yuz oʻgiryapti, nima uchun shunday boʻlayotganini tushunmayapman. Toʻgʻri aytdingiz, gol oʻtkazgandan soʻng turbo rejimini yoqyapmiz. Birgina Sohibjonov oʻz zarbasi bilan masalani hal qilishi mumkin edi.

- Nimeli yaxshi oʻynab turgandi, ammo uni almashtirib Tabatadzeni tushirdingiz. Toma esa oʻyinni kuchaytira olmadi.

- Nimeli haqida oldin ham aytganman: u tizzasidagi ogʻriq sabab mashgʻulotlardan chetda qoldi. U 14 kun biz bilan boʻlmadi, faqat oxirgi toʻrt kun mashgʻulot olib bordi. 14 kun shugʻullanmagan futbolchidan nimadir kutish qiyin. Javohir Sidiqov qatorasiga uchta oʻyinni toʻliq oʻtkazdi, lekin bugun bu maydonda oʻzini koʻrsata olmadi. Biz qoʻldan kelgancha jamoani tiklayapmiz. Shohruh Gadoev, Muhammadanas Hasanov zaxiradan tushib oʻyinni kuchaytirishga harakat qilishdi. Qanotlardan tezkorlikni oshiramiz dedik. Bir nechta burchak toʻplari tepdik. Mehmonlar darvozaboni boʻydor emasdi, bundan foydalanishimiz kerak edi. Bizdan shunchaki omad yuz oʻgiryapti. Har bir oʻyinga jiddiy hozirlik koʻryapmiz, mashgʻulotlar ham yaxshi ketyapti.

- Restartdan keyin qatorasiga toʻrtta magʻlubiyat. Oraliq tanaffusdagi tayyorgarlikni qanday baholaysiz?
- Biz toʻliq tarkib bilan hech yigʻila olmadik. Javohir bilan Nimeli davolandi. Kimdir kechikib keldi, kimdir yana boshqa sabab bilan vaqtida kela olmadi. Biz faqat "Mash'al" bilan oʻyindan oldin toʻliq yigʻildik. Men doim futbolchilarga bir kunni oʻtkazib yuborsang, uch kun shugʻullanishga toʻgʻri keladi deyman. Futbolda mayda narsalar boʻlmaydi. Bu bilan oʻzimni aybsiz demoqchi emasman, lekin biz bitta qayiqda ekanmiz eshkakni hamma birgalikda tortishi kerak. Koʻrpani hamma oʻz tomoniga tortsa ish oʻxshamaydi. Bugun hech him zaxira soʻramadi, hech kim jarohat olmadi, futbol oʻynashimiz kerak edi. Hisob hatto 0:0 payti ham hujumchini tushirdik. Toshkentda yigʻin oʻtkazib, oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkazdik. Hammasi yaxshi boʻlishiga umid qilgandik.

Manba: championat.asia

Jamoalar

Yana o'qing

Hammasi

Izohlar 0

?
Izoh qoldiring